Oʻzbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov bugun jamoaga qoʻshildi. Hujumchi boʻlajak oʻyinlarga tayyorgarlikni terma jamoa bilan birga davom ettiradi.
Oʻzbekiston terma jamoasi yaqinlashib kelayotgan yetti kun ichida ikkita oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazadi. 12 noyabr kuni Fabio Kannavaro jamoasi Toshkentda Rossiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv «Paxtakor» stadionida boʻlib oʻtadi va soat 20:00 da boshlanadi.
17 noyabr kuni Oʻzbekiston terma jamoasi Qatar poytaxti Doha shahrida Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Oʻyin soat 22:30 da boshlanadi.
Sogʻligʻi sababli boʻlajak oʻyinlarda Oʻzbekiston terma jamoasi safida “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov maydonga tusha olmaydi.



























