Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari oʻrtasidagi oʻrtoqlik uchrashuvi arafasida arab OAVlari ikki jamoa futbolchilarining transfer qiymatini taqqosladi.
Saudiya Arabistonining Al Arabiya nashri xabar berishicha, «Manchester Siti» himoyachisi Abdukodir Xusanov ning bozor qiymati Saudiya Arabistoni terma jamoasidagi barcha futbolchilarning jami qiymatidan yuqori.
Transfermarkt maʼlumotlariga koʻra, 22 yoshli oʻzbekistonlik himoyachi 50 million yevroga baholangan, Saudiya Arabistoni tarkibining umumiy qiymati esa 38 million yevroni tashkil etadi. Shunday qilib, bir Xusanov butun Saudiya terma jamoasidan 12 million yevroga qimmatroq.
Saudiya Arabistoni terma jamoasi tarkibida eng qimmat baholangan futbolchi Saud Abdulhamid boʻlib, uning qiymati 9 million yevroni tashkil etadi. Oʻzbekiston terma jamoasining umumiy bozor qiymati 81,83 million yevroni tashkil etadi.
Al Arabiya nashri Xusanovni Osiyodagi eng qimmat futbolchi deb atadi. Eslatib oʻtamiz, 2025 yil yanvar oyida himoyachi fransuzning «Lans» klubidan «Manchester Siti»ga 40 million yevro evaziga oʻtdi. Bugun Saudiya Arabistoniga qarshi Xusanov oʻynamaydi: Abduqodir jarohati sabab Oʻzbekiston terma jamoasiga chaqirilmagan.
Doʻstlik uchrashuvi Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida 17 noyabr kuni Dohada boʻlib oʻtadi. Oʻyin Toshkent vaqti bilan 20:30 da boshlanadi.


























