Yunon mutaxassisi Georgios Donis Saudiya Arabistoni futbol terma jamoasining bosh murabbiyi boʻlib qoladi. Bu haqda Koora axborot agentligi Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasidagi manbaga tayanib xabar berdi.
Donisning amaldagi shartnomasi 2027 yil iyulida tugaydi. Osiyo Kubogi muddatlari koʻchirilgach, uning keyingi taqdiri atrofida turli mish-mishlar paydo boʻldi.
Janubiy Koreya ustidan gʻalabadan soʻng (3:2) oʻtkazilgan matbuot anjumanida Donis bu gap-soʻzlarga izoh berdi:
«Osiyo Kubogi koʻchirilgach, men murabbiylar shtabimga shartnomamiz turnirning yangi sanasigacha tugashini aytdim. Shundan keyin turli mashhur murabbiylarning nomlari tilga olinadigan boʻldi. Bunday mish-mishlar hech kimga foyda keltirmaydi. Mish-mishlar shaxsan menga taʼsir qilmaydi, lekin jamoadagi ichki muhitga zarar yetkazadi. Biz bilan ishlayotganlar biz qanchalik koʻp mehnat qilayotganimizni yaxshi bilishadi».
Murabbiy Saudiya Arabistoni terma jamoasini va 2027 yilgi Osiyo Kubogida ham boshqarish istagini bildirdi. Shuningdek, u kelasi yil mart oyidagi yigʻin va undan keyingi musobaqalarga tayyorgarlik rejasi allaqachon ishlab chiqilganini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, Donis Oʻzbekiston bilan doʻstlik uchrashuvi uchun oʻz rejalari haqida gapirib berdi. U Janubiy Koreya bilan oʻyinga 30 nafar futbolchini jalb qilganini taʼkidladi:
«Bizning maqsadimiz — Osiyo Kubogiga tayyorlanish va barcha futbolchilarga oʻzini koʻrsatish imkoniyatini berish. Men futbolchilarning jangovar ruhi va intizomidan mamnunman. Oʻzbekiston bilan oʻyinda ham xuddi shu yondashuvdan foydalanamiz va maydonga imkon qadar koʻproq futbolchini tushiramiz».
Mumkin boʻlgan isteʼfo haqidagi mish-mishlarga toʻxtalar ekan, mutaxassis qoʻshimcha qildi:
«Siz bilasiz, men toʻgʻrisoʻz odamman. Men oddiy murabbiy emasman, oʻzimni Saudiya Arabistonining ajralmas qismi deb bilaman. Bu mamlakatda men katta tajriba orttirdim. Istefoga chiqish haqidagi mish-mishlar jamoaga foyda keltirmaydi».
Eslatib oʻtamiz, Saudiya Arabistoni — Oʻzbekiston oʻrtoqlik uchrashuvi 17 noyabr kuni Dohada boʻlib oʻtadi.



























