Yana bir Eron klubi Oston Urunovni sotib olmoqchi

Eronning «Traktor» klubi Oʻzbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Oston Oʻrunov bilan shartnoma imzolashga qiziqmoqda.

Eronning «Hamshahri Online» nashri maʼlumotlariga koʻra, Tabriz jamoasi «Persepolis»ning ikki futbolchisi — Oston Urunov va Amirhossayn Mahmudini transfer qilish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.

«Traktor» bosh murabbiyi Javad Nekunam jamoa yarim himoyasini kuchaytirmoqchi. Oʻzining avvalgi intervyularidan birida mutaxassis bilvosita Urunov transferi haqida oʻylayotganini aytgan edi.

Qayd etilishicha, «Traktor» bu pozitsiyaga oʻyinchi izlamoqda, chunki Mehdi Torabiy jiddiy jarohat olgan. Hozircha uning qachon maydonga qaytishi nomaʼlum.

Tabriz jamoasi ham «Persepolis»ning yosh yarim himoyachisi Amirhossayn Mahmudiga qiziqmoqda. Biroq «Gol Gohar» klubi ham ushbu futbolchini oʻz safiga qoʻshib olishni istamoqda.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, «Persepolis» oʻz futbolchilarini arzonga sotmoqchi emas. Shuning uchun bu transferlarning «Traktor» tomonidan amalga oshirilishi ham moliyaviy kelishuvlarga bogʻliq.

Avvalroq Nekunam Urunovning «Persepolis» bilan amaldagi shartnomasi borligini aytgan edi. Murabbiy soʻzlariga koʻra, futbolchini sotib olish boʻyicha rasmiy taklif hali kelib tushmagan.

Mavzu boʻyicha yangiliklar

Izohlar
Izohlar yoʻq. Birinchi boʻling!