Saudiya Arabistoni terma jamoasi Oʻzbekiston bilan oʻyin oldidan yoʻqotishlarga uchradi

Saudiya Arabistoni terma jamoasining yana bir futbolchisi Oʻzbekiston bilan oʻyin oldidan jarohat oldi. Bu haqda Georgios Donis jamoasi 15 noyabr kuni Dohadagi «Al-Irsal» stadioni maydonida oʻtkazgan mashgʻulot yakunlariga koʻra maʼlum boʻldi.

«Ar-Riyad» nashri xabar berishicha, mashgʻulotda Muhammad Mahzari va Hammam al-Hammamiydan tashqari barcha futbolchilar ishtirok etdi. Bu oʻyinchilar jarohatlar sababli terma jamoa joylashuvini tark etishdi.

Darvozabon Nawaf al-Akidi Qatardagi Aspetar tibbiyot markazida tiklanishni davom ettirmoqda. Oʻz navbatida, Alaa al-Hadji davolash kursini yakunladi.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasining rasmiy maʼlumotiga koʻra, yarim himoyachi Sultan Mandash 15 noyabr kuni sonning orqa qismidagi mushaklaridagi ogʻriqlar sabab mashgʻulotni yakunlay olmadi. 16 noyabr kuni futbolchiga tibbiy koʻrik belgilangan. Shu kuni Saudiya terma jamoasi Oʻzbekiston bilan uchrashuv oldidan yakuniy mashgʻulot oʻtkazadi.

«Ar-Riyad» nashri ikki milliy jamoaning oʻzaro uchrashuvlari statistikasini ham keltirdi. Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari jami 12 marta toʻqnash kelgan. Yetti gʻalabani saudiyaliklar qoʻlga kiritgan, toʻrttasida oʻzbekistonliklar gʻolib boʻlgan, yana bir oʻyin durang bilan yakunlangan.

Eslatib oʻtamiz, Saudiya Arabistoni — Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik uchrashuvi 17 noyabr kuni Dohada boʻlib oʻtadi. Oʻyin 20:30 da Toshkent vaqti bilan boshlanadi.

Mavzu boʻyicha yangiliklar

Izohlar
Izohlar yoʻq. Birinchi boʻling!