Oʻzbekiston va Rossiya terma jamoalari oʻrtasidagi futbol uchrashuvida toʻliq tomoshabinlar boʻlishi kutilmoqda. Boʻlajak oʻyinga allaqachon 30 000 dan ortiq chipta sotilgan.
«Paxtakor» stadioni 35 000 tomoshabinni sigʻdira oladi. Erkin sotuvda faqat bir necha ming sotilmay qolgan chipta qolgan. Bu haqda TASS agentligi Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi (UFA) matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
«Qachonki bizning milliy terma jamoamiz oʻynasa, muxlislarning qiziqishi har doim juda yuqori boʻladi. Koʻpchilik jamoani shaxsan qoʻllab-quvvatlash uchun stadionga keladi. Rossiya terma jamoasiga qarshi ham «Paxtakor» stadioni tribunalarining toʻlib ketishini kutyapmiz. 30 mingdan ortiq chipta sotildi», – dedi TASS suhbatdoshi.
Rossiya futbol ittifoqi matbuot xizmati avvalroq maʼlum qilganidek, uchrashuvga taxminan ming nafar rossiyalik muxlis kelishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston va Rossiya terma jamoalari payshanba, 12 noyabr kuni oʻynaydi. Uchrashuv soat 20:00 da boshlanadi.
Oʻyin natijasi FIFA terma jamoalar reytingiga hisobga olinadi. Hozirgi vaqtda Rossiya terma jamoasi FIFA reytingida 35-oʻrinni, Oʻzbekiston terma jamoasi esa 59-oʻrinni egallab turibdi.



























