Cannavaro Oʻzbekiston terma jamoasidan ketish haqida oʻylamayotganini aytdi

Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Rossiya milliy jamoasiga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvi oldidan oʻzining ehtimoliy ketishi haqida fikr bildirdi.

«Men Italiya terma jamoasini boshqarishni xohlayman, deganmidim? Men 20 yil bu jamoa uchun oʻynadim. Buni har bir italiyalik xohlaydi. Intervyularim keng tarqalib ketgani mening aybim emas. Men professionalman va hozir har tong uygʻonganimda faqat Oʻzbekiston terma jamoasiga bor kuchimni berish haqida oʻylayman. Meni Janubiy Amerikadagi terma jamoalardan birini boshqarishi mumkin, degan gaplar — shunchaki mish-mishlar.

Bizning AFU bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Mening shartnomam 2027 yil kuzigacha moʻljallangan, ammo Osiyo Kubogining koʻchirilishini hisobga olib, biz bu masalani rahbariyat bilan ham muhokama qilamiz. Hech qanday muammo yoʻq. Men faqat Oʻzbekiston haqida oʻylayman.

Men sizdan oʻyin, raqib va taktika haqida gaplashishni soʻragan boʻlardim. Siz doim futbolga aloqasi boʻlmagan mavzular haqida savollar berasiz. Ertaga bizni kuchli raqib bilan oʻyin kutmoqda. Keling, shu haqda gaplashamiz», – dedi Kannavaro.

Oʻzbekiston va Rossiya futbol terma jamoalari 12 noyabr kuni oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida boʻlib oʻtadi va soat 20:00 da boshlanadi.

Kannaavaro va Oʻzbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning Rossiyaga qarshi oʻyin oldidan aytgan barcha fikrlarini TCA Sportʼning alohida materialida oʻqish mumkin.

Izohlar
Izohlar yoʻq. Birinchi boʻling!